Erta yoshdagi sifatli ta’lim - har bir bola uchun
Erta yoshdagi sifatli ta’lim - har bir bola uchun
Nodira Abdurasulova Termiz shahridagi 31-son maktabgacha ta'lim tashkilotidagi guruhiga keladigan bolalarni tabassum bilan kutib oladi. Uning guruhi muqobil bo'lib, u turli yoshdagi va turli millat bolalaridan iborat. Uning o’zi ham, guruhdagi bolalar ham muloqot qilishdan, o'yindan, atrofdagi dunyoni birgalikda o'rganishdan katta zavq oladilar.
Nodira pedagoglik faoliyatini endigina boshlagan bo‘lib, o‘z bilimi va kasbiy mahoratini muntazam ravishda oshirib bormoqda. Shu bois u “Ko‘p tilli muqobil guruhlarda pedagogik yondoshuvlar” o‘quv seminarida ishtirok etayotganidan mamnun.
“Ushbu trening juda qiziqarli. Men zamon talabiga javob beradigan pedagog kompetensiyalari haqida ko‘p yangi ma'lumotlarga ega bo‘ldim, oldimga yangi maqsadlarni qo‘yib, ularga erishish uchun ish rejamni tuzib oldim”, - deydi Nodira. “Bolalarga o’yin orqali ta’lim berish kerakligini hamda kichkintoylarni dunyoni o’rganishda mustaqil bo’lishga rag’batlantirish zarurligini anglab yetdim”.
UNICEF va Maktabgacha ta'lim agentligi hamkorligida va Yevropa ittifoqining moliyaviy ko‘magida Surxondaryo viloyatidagi Termiz shahri hamda Termiz va Muzrobot tumanlaridagi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 10 ta ko‘p tilli muqobil guruhlar tashkil etildi. Joriy yilning sentabr oyida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandari, jumladan mazkur hududlarda istiqomat qilayotgan afg‘onistonlik bolalar ko‘p tilli muqobil guruhlarga kela boshladilar.
Ta’mirlangan, sifatli mebel, o‘yinchoqlar, o‘quv materiallari, bolalar kutubxonasi va boshqa ko‘plab o‘quv qo‘llanmalari bilan jihozlangan guruhlarda 450 nafarga yaqin bolalar sifatli maktabgacha ta’limdan bahramand bo’lishlari kutilmoqda. Bolalarning har tomonlama rivojlanishini rag'batlantiradigan qulay va xavfsiz muhit yaratilgan.
“Har bir bolaning kichik bo‘lsa-da, o‘z hayotiy tajribasi bor. Bola ta'lim olishi va ijtimoiy-emotsional rivojlanishi uchun qadrlanishi zarur. Ko‘p tilli ta'limga yangi yondashuvlarning joriy etilishi maktabgacha ta'lim sifati va inklyuzivligini oshirish imkonini beradi”, - deydi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta'lim bo‘limi boshlig‘i Alberto Biankoli. "Xalqaro tadqiqotlarning natijalari shuni ko‘rsatadiki, ko‘p tilli muhitda ta'lim olish muammolarni hal qilish qobiliyatini, xotirani va fikrlashni rivojlantiradi hamda bolalarni yanada inklyuziv muhitda o‘qishga rag‘batlantiradi".
Trening dasturi ko‘p tilli guruhlarda ta'lim muhitini yaratishning xusuxiyatlari, maktabgacha yoshdagi bolarning ijtimoiy va hissiy rivojlanishi jihatlari, nutq shakllanishi, o‘yin orqali ta'lim berish va bolaga yo’naltirilgan pedagogic faoliyatning boshqa ko‘pgina sohalarini qamrab olgan.
Nodiraning aytishicha, u treningda ko’plab yangi ma’lumotlarga ega bo’ldi.
“Empatiya so‘zini avval ham eshitganman, biroq bu tushuncha maktabgacha ta'lim sohasida naqadar muhimligini bilmas edim. Bola o‘zini erkin tutishi, samimiy bo‘lishi uchun pedagog, avvalo, uning his-tuyg‘ularini, nimadan xafa bo‘layotganini tushunishi, uning sabablarini o‘z vaqtida aniqlashi kerakligini trenerimiz Majena Rafalska tushuntirib berdi”,- deydi Nodira. “Guruhimda Kavsar ismli qizaloq bor. Agar men uni bir oz e’tiborsiz qoldirsam, u darhol uyiga ketishga tayyorlana boshlaydi. Buning sababini tushuna olmasdim. Men o‘zimni uning o‘rnida tasavvur qildim va Kavsarning maktabgacha ta’lim tashkilotiga ilk bor tashrif buyurgani uchun guruhdagi yangi sharoitga moslashishda qiynalayotganini, unga ruhiy qulaylik yaratishni kuchaytirish zarurligini angladim. Hozir men va uning onasi buning ustida ishlayapmiz. Bolalarning ota-onalari mening eng yaxshi hamkorlarimdir”.
Nodira kabi treningning boshqa ishtirokchilari ham pedagogikadagi o‘zlari uchun zarur bo‘lgan strategiyalar hamda turli tilda gaplashadigan, turli yoshdagi bolalar bilan ishlashdagi zamonaviy yondashuvlar to‘g‘risida foydali bilimlarga, amaliyotlarida qo‘l keladigan ko‘nikmalarga ega bo‘lgandaridan mamnunlar.
“Bu yerda o‘rganganlarimni kasbdoshlarim bilan albatta o‘rtoqlashaman”,- deydi Nodira. “Bunday treninglar bolajonlar bilan yanada yaxshi ishlashimiz uchun juda foydalidir, zero har bir bola alohida e'tiborga va sifatli ta'limga loyiqdir”.